Mamlakatimizda yoshlarga bo‘lgan e’tibor davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralmoqda. Ayniqsa, oliy ta’lim tizimida yoshlarning zamonaviy bilim olishi, kasb-hunar egallashi va xalqaro maydonda raqobatbardosh kadrga aylanishi uchun qator qulaylik va imkoniyatlar yaratilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, yoshlarimizning intellektual salohiyatini ro‘yobga chiqarishda muhim omil bo‘lmoqda.
So‘nggi yillarda oliy ta’limda olib borilayotgan islohotlar natijasida universitet va institutlar soni ortdi, ta’lim yo‘nalishlari kengaydi, xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik kuchaydi. Ayniqsa, nufuzli xorijiy universitetlarning filiallari ochilishi yoshlar uchun yurtimizda o‘tirgan holda dunyo miqyosida e’tirof etilgan diplomga ega bo‘lish imkonini bermoqda. Bunday yondashuv mamlakatimizda oliy ta’limning xalqaro standartlarga yaqinlashishiga xizmat qilmoqda.
Yana bir muhim yangilik — bu davlat granti asosida ta’lim olish imkoniyatlarining kengaytirilishidir. Har yili davlat buyurtmasi asosida ajratilayotgan grant o‘rinlari soni ko‘paymoqda, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlam vakillariga qo‘shimcha kvotalar berilmoqda. Bundan tashqari, iqtidorli talabalar uchun stipendiyalar, ilmiy loyihalarda ishtirok etish, xorijda qisqa muddatli stajirovkalar o‘tash imkoniyati mavjud. Bu esa, o‘z navbatida, yoshlarni ilm-fanga, izlanishga, professional rivojlanishga undaydi.
Shu bilan birga, oliy ta’lim muassasalarida zamonaviy infratuzilmalar yaratilmoqda. Talabalar uchun kutubxonalar, ilmiy laboratoriyalar, axborot-resurs markazlari, internet tarmoqlari, yotoqxonalar, sport maydonchalari va boshqa zarur sharoitlar yaratilib, yoshlarning sifatli ta’lim olishi uchun barcha zaruriy vositalar taqdim etilmoqda.
Talabalarni ish bilan ta’minlash masalasi ham dolzarb yo‘nalishlardan biri bo‘lib, ko‘plab oliy ta’lim muassasalari ishlab chiqarish korxonalari bilan hamkorlikda amaliyot va ishga joylashtirish tizimini yo‘lga qo‘ymoqda. Shu orqali talabalar nafaqat nazariy bilim, balki amaliy ko‘nikmalarni ham egallab, o‘qishdan so‘ng ish topish imkoniyatiga ega bo‘lmoqda.
O‘zbekistonning oliy ta’lim tizimi izchil ravishda yangilanmoqda. Yaratuvchan, bilimdon, tashabbuskor yoshlarni tarbiyalash, ularning orzu va intilishlariga zamin yaratish — bugungi siyosatning bosh maqsadidir. Yoshlarimiz bu imkoniyatlardan oqilona foydalanib, nafaqat o‘z kelajagini, balki butun Vatan taraqqiyotini ta’minlashga hissa qo‘shmoqlari zarur.
Muattar Temirova,
Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti filologiya fakulteti o‘qituvchisi.