Oq-Ostona-bobo maqbarasi Buxorodagi mashhur Somoniylar maqbarasiga qaraganda kamroq tanilgan. U shohona emas, aksincha, juda sodda, ammo ichki qadr-qimmatga ega bo‘lgan me’moriy yodgorlikdir. Mazkur maqbara O‘zbekistonning Surxondaryo viloyati shimoli-sharqidagi Telpak-Chinor qishlog‘i yaqinida joylashgan bo‘lib, u Payg‘ambar Muhammad (s.a.v.)ning sahobalaridan biri bo‘lgan Abu Hurayra r.a. (Abu Hurayra r.a 602 yil Tihomada tug’ilgan, 679 yil Madinada vafot etgan) ning dafn qilingan joyi yoki ziyorat etilgan qadamjosi sifatida e’tirof etiladi.
Me’moriy jihatdan ushbu obida X–XI asrlarga mansub deb hisoblanadi. Uning tuzilmasi islomiy maqbaraning klassik ibtidoiy shaklini aks ettiradi: g‘ishtdan qurilgan kubsimon hajmli binoni oq rangli o‘tkir uchli gumbaz yakunlab turadi.
Somoniylar maqbarasidan farqli o‘laroq, bu yodgorlikda bezak deyarli yo‘q, go‘yoki uning semantik dasturi tugallangandek tuyuladi. Biroq… Maqbaraning janubi-sharqiy devorida, kirish qismidan o‘ng tomonda ikkita hayratomuz dumaloq belgi mavjud. Maqbara fasadida, taxminan 3–3,5 metr balandlikda, kirish arkasining o‘ng tomonida ikkita rozetka shaklidagi belgi joylashgan bo‘lib, ularning diametri taxminan yarim metrni tashkil etadi.
Ushbu belgilar ilgari deyarli e’tiborga olinmagan. Ularning asosiy tarkibiy tuzilmasida Markaziy Osiyo dekorativ san’atida nihoyatda kam uchraydigan yetti burchakli yulduzlar mavjud. Bu belgilar naqshning bir qismi emas, balki butunlay mustaqil va o‘ziga xos belgilar sanaladi.
O‘ng tomondagi belgining markazida spiralsimon o‘simlik tasvirlangan. Uning atrofida esa quyoshni eslatuvchi – yettita to‘lqinli nurlardan iborat doira mavjud bo‘lib, bu “quyosh” yetti burchakli yulduz bilan o‘ralgan. Chap tomondagi belgi markazi ham spiralsimon o‘simlikdan iborat bo‘lib, u quyosh shaklidagi doira bilan o‘ralgan.
Quyosh doirasidan tashqarida esa murakkab yetti elementli shakl joylashgan bo‘lib, uning markazida yana bir yulduz bor. Uning “bo‘lmachalari”da o‘simliksimon tasvirlar – kurtaklar, barglar joylashgan. Ushbu belgilar Markaziy Osiyodagi madaniyatlarga xos bo‘lgan an’anaviy belgilar tizimiga mos kelmaydi.
Ularning tipologiyasi Somoniylar maqbarasining ramziy tizimiga mutlaqo zid: “Somoniycha” kvadratura bu yerda inkor etilgan bo‘lib, unga qarama-qarshi ramzlar sifatida yetti burchakli yulduz, spiral va tabiiy elementlar taklif etilgan.
Bizning talqinimizga ko‘ra, belgilar markazidagi spiralsimon shakl Hayotni (Ruhni) – o‘simliklar, hayvonot olami va insoniyatni o‘z ichiga olgan holda – ifodalaydi. Bu “hayot spirali” bo‘lib, o‘z navbatida ayrim o‘simliklarning, masalan, paporotnikning rivojlanish shakli yoki spiral shaklidagi shoxlar (mavjud joylarda baxt, farovonlik va hayot ramzi) bilan bog‘liq.
To‘lqinsimon nurlari bo‘lgan quyoshga o‘xshash belgi esa kosmik olov, kosmik energiya va quyosh ramzidir. Bu belgi Surxondaryo viloyatining suzana tikuvchilik san’atida hali ham qo‘llaniladigan mashhur “burama rozeta” shaklidagi solyar belgilar semantikasi bilan hamohang bo‘lishi mumkin.
Bu osmon gumbazining aylanishi, ya’ni kosmik harakat ramzi hisoblanadi. Yetti burchakli yulduz esa koinotning uyg‘un tuzilish ramzi sifatida izohlanadi. Qadimlarda “yetti” soni dunyoning tuzilishiga bog‘liq muqaddas raqam sanalgan: oy oyining yetti kunlik haftalari, yetti osmon jismi va hokazo.
Barg, kurtak, gulbarg kabi o‘simliksimon shakllar hayotning turli bosqichlarini ifodalovchi tabiiy elementlar sifatida talqin qilinishi mumkin.
Belgilar geometrik kompozitsiya doirasida joylashgani sababli ular o‘zaro aloqadorlik munosabatlarini ham ifodalashi mumkin. Bu xususiyat belgilarni kosmogramma sifatida baholash imkonini beradi.
O‘ng tomondagi belgi koinot – Makrokosmos modelini ifodalaganga o‘xshaydi. Uning markazida spiralsimon rivojlanayotgan Hayot (Ruh) mavjud. Koinot harakatda – ya’ni osmon aylanishda. Harakat manbai esa kosmik olov – Quyosh bo‘lib, u jonli, ichida hayot belgisi bor.
Ibn Sinoning metafizikasida ham shunga o‘xshash fikr mavjud: “Osmonni harakatga keltiruvchi kuch – cheksiz va jismoniy emas. U moddiy bo‘lmagan, aql-idrokka ega kuchdir”. Koinot uyg‘un (7 sonining uyg‘unligi) va yopiq (yakunlangan olam) holatidadir. Ehtimol, o‘ng belgi – “erkak” ramzidir. U geometrik kristallga o‘xshash, aql-idrokka yaqin, uning “spiral belgisi” hayot sporalari bilan to‘lgan.
Boshqa tomondan, u shakllangan, yakunlangan, “o‘lik” belgi bo‘lishi ham mumkin. Quyosh-Olov ramzi esa Esxatologik Mangu yong‘in – ya’ni dunyo yakunini anglatuvchi belgidir. Bunda Hayot yong‘in doirasida cheklangan va Dunyo o‘z nihoyasiga yetadi.
Chap tomondagi belgi esa Hayot (Ruh)ning koinotda mavjudligi va rivojlanish modelini ifodalaydi. Bu – mikrokosmos (Ruh, Inson) ramzi. Hayot o‘zida ichki kosmik energiyani mujassamlashtiradi. Hayot markazdan tashqi tomonga aylana shaklida tarqaladi: tashqi halqa ichki halqaga nisbatan sodda hayot shakllarini ifodalaydi.
Hayotning uyg‘un tuzilishi undagi har bir “kurtak”ning o‘z “matritsa”sida alohida o‘rniga ega ekanligi bilan ifodalanadi. Bu yerda hayot cheksiz rivojlanadi – belgi ochiq shaklda. Ehtimol, chap belgi – “ayol” belgisi bo‘lib, u hayotni yaratuvchi, ijodiy ramzdir. Bu yerda hayot sporalari yo‘q, biroq yangi hayot kurtaklari mavjud.
Bu belgi Ijod (yoki Yaratuvchi = Xudo) ramzidir. U – bo‘layotgan, rivojlanayotgan olam timsolidir. Bu hayot, emas, o‘lim belgisi. Yangi hayot kurtaklari olov belgisi tashqarisida joylashgani tufayli, chap belgi – Tiklanish ramzi bo‘lishi mumkin.
Bunday talqinda ikki murakkab belgining birgalikda mavjudligi — “qarama-qarshiliklar birligi va kurashi”ning falsafiy formulasini bildiradi. Bu – erkak (o‘ng) va ayol (chap) ibtidolari o‘rtasidagi bog‘liqlik va hayot asosi sifatida birligi.
Balki bu yerda Sharqiy Osiyo falsafasining, xususan “An” va “In” tushunchalarining ta’siri mavjuddir. Yana bir talqin – bu ikki belgining uyg‘unligi “shakllangan va shakllanishda bo‘lgan”, “o‘lim va hayot”, “jismoniy yakun va ma’naviy qayta tug‘ilish”, “yaratish va Yaratuvchi”ning birligidir.
Shunday qilib, Oq Ostona bobo maqbarasidagi ramziy belgilar umumiy va original falsafiy tizimning ixcham, lekin mazmunli tavsifini beradi.
Ular hayot evolyutsiyasi, spiral bo‘ylab rivojlanish, hayot (ruh) va koinotning uyg‘unligi va irrattsionalligi, moddiy cheklanganlik va ma’naviy cheksizlik, hayotning halokati va qayta tug‘ilishi kabi g‘oyalarni mujassamlashtiradi.
Shu bilan, Oq Ostona bobodagi belgilar – oddiy xalq og‘zaki ijodi mahsuli emas, balki yuksak darajadagi madaniyat mahsuli bo‘lgan intellektual yodgorlikdir. Savol tug‘iladi – qanday madaniyat?
Yettilik yulduzi ancha aniq tarzda shialikdagi ismoiliylar oqimi – “yettilikchilar” (inglizcha: Seveners)ga ishora qiladi. Ma’lumki, ular imomlar sonini yetti bilan chegaralaydi. Qadimgi zamonlarda yetti soni olamning tuzilishi bilan bog‘langan muqaddas son hisoblangan. Osmondagi nurli jismlar soni 7 ga teng. Oy haftasi ham 7 kunlik. Oy oyining umumiy 28 kuni 1 dan 7 gacha bo‘lgan sonlar yig‘indisiga teng. Islomiy an’anada ham 7 mukammallik va to‘liqlik timsolidir: 7 osmon, 7 yer, 7 dengiz, jahannamning 7 darajasi, jannatning 7 darvozasi mavjud; haj ibodati Kaabani 7 marta aylanish bilan to‘liq hisoblanadi. Pifagorchilar va ismoiliylar nazarida ham 7 – g‘ayritabiiy, irrasional son bo‘lgan. Ilmiy jihatdan, doirani aniqlik bilan 7 ga teng qismlarga ajratib bo‘lmasligi isbotlangan. O‘rta asrlarda Islom Sharqida hunarmandlar 60lik hisob tizimidan foydalanganlar ([8], 50-bet), bu esa doirani 360 gradusga bo‘lish imkonini bergan. 360 soni 2, 3, 4, 5, 6, 8, 9, 10 ga butun bo‘linadi, biroq 7 ga emas.
Ismoiliylar insoniyat tarixini payg‘ambarlik vahiylari oralig‘idagi yetti davr sifatida talqin qilganlar. X asrda Movarounnahrda yashagan Ismoiliy kosmogoniyasining asoschilaridan biri da’vatchi an-Nasafiyga ko‘ra, Mutlaq Xudo o‘zidan ijodiy Koinot Aqlini ajratgan va u emmanatsiya yo‘li bilan Koinot Ruhini yaratgan.
Koinot Ruhi yetti kosmik “soha”ni yuzaga keltirgan. So‘ngra bu sohalar “sohalarning aylanishi” orqali yetti unsurga: tuproq, suv, havo, efir, o‘simliklar, hayvonlar va inson shakliga aylangan.
An-Nasafiyga ko‘ra, Koinot Ruhining ramzi – Oq-Ostona-bobodagi “spiralsimon o‘simlik” bo‘lishi mumkin. Ilohiy emmanatsiyaning ramzi esa – “quyosh-olov” timsolidir. O‘ng belgida Koinot Ruhi yetti sohani – “yetti burchak yulduz”ni yaratadi. Chap belgida esa u Hayotning asosiy unsurlarini yaratadi.
Ismoiliylar IX-XI asrlarda yaxshi tashkil etilgan yashirin jamoa bo‘lgan bo‘lib, ularning ikki asosiy markazi mavjud edi: Misr va Yaqin Sharqdagi Fotimiylar xalifaligi hamda Bahrayndagi Qarmatlarga tegishli davlat. Ular Xuroson va Movarounnahrda ko‘plab tarafdorlarga ega bo‘lgan. Abbosiylarga diniy va siyosiy muxoliflik pozitsiyasida turgan ismoiliylar Somoniylar bilan xalifalikka qarshi ittifoqchi bo‘lgan. Manbalarda X asrning 30–40-yillarida Somoniy hukmdori Nasr II (914–943) Qarmatiylar “bid’ati”ni qo‘llab-quvvatlagani haqida ma’lumotlar mavjud. Ibn Sino (980–1037)ning “Tarjimai hol”i ham X asr oxirlarida Buxoroda ismoiliylar katta nufuzga ega bo‘lganidan darak beradi. U otasi — Somoniylar davridagi yirik amaldor — “misrliklarning ta’limotiga moyil bo‘lgan, va ismoiliy hisoblangan”ini ta’kidlaydi. Ibn Sino ismoiliylarning intellektual darajasi yuqori bo‘lganini qayd etib, ularning ruh va aql haqidagi ta’limoti, “falsafa, geometriya va hind hisob-kitobi” mavzularida ma’naviy suhbatlar olib borganini ta’kidlaydi.
Shunga asoslanib, X–XI-asrlarda Surxondaryoning shimoliy qismida ismoiliy jamoasi yoki sekta mavjud bo‘lgan, va ularning hayotida bugungi kunda Oq Ostona baba maqbarasi deb nomlanuvchi me’moriy inshoot muhim rol o‘ynagan bo‘lishi mumkinligi ehtimoldan xoli emas. Ayni paytda, Abu Hurayra ismining o‘zi ham qandaydir ismoiliy ramziy ma’noga ega bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Chunki Yaqin Sharqda Abu Hurayra nomi bilan bog‘liq bo‘lgan ko‘plab yodgorliklar mavjud. Masalan, Abu Hurayra maqbarasi Afg‘onistondagi Zadiyon yaqinida va O‘zbekistonning Samarqand viloyatidagi Imom-Bahra xonaqosi yaqinida joylashgan.
Rivoyatlar Abu Hurayrаga mushuklarga bo‘lgan katta mehrni nisbat beradi; uning ikkinchi ismi — “mushuklarning otasi” bo‘lib, bu esa uni o‘sha davrdagi ismoiliylar asosiy markazi bo‘lgan Misr bilan bog‘laydigan belgi bo‘lishi mumkin, chunki bu yerda qadimdan mushuklar muqaddas hayvon sifatida e’zozlangan.
Biroq, realistik tasvirlar, matnlar, alohida so‘zlar mazmunini tahlil qilishga bag‘ishlangan keng ilmiy adabiyot mavjud bo‘lsa-da, belgi-simvollar odatda ikkinchi darajali, bezak xarakteridagi elementlar sifatida talqin qilinadi. Shu sababli qadimiy yodgorliklarni o‘rganishda o‘tmish madaniyatiga oid muhim axborot qatlamlari e’tibordan chetda qoladi. Bunga janubiy O‘zbekistonning ilk islomiy me’morchiligi yodgorligi – Oq Ostona bobo maqbarasi fasadidagi belgi-simvollar misol bo‘la oladi.


Shunday qilib, Oq Ostona bobo maqbarasidagi belgilar kosmogramma sifatida talqin qilinishi mumkin – ya’ni olam tuzilishi haqidagi tasavvurlarni shartli belgilar orqali kodlovchi murakkab kompozitsiyalar. Bu yerda o‘ziga xos va yaxlit falsafiy tizim ifodalangan bo‘lib, u rivojlangan tabiiy-ilmiy asosga ega. Ushbu tizim hayotning evolyutsiyasi, spiralsimon rivojlanishi, uyg‘unligi va irratsonalligi, moddiy yakun va ruhiy cheksizlik, tiriklikning halokati va qayta tug‘ilishi kabi g‘oyalarni o‘z ichiga oladi va shu ma’noda o‘z davrining ilg‘or tabiiy-ilmiy qarashlari bilan qiyoslanishga loyiqdir.
Shuni ham e’tiborga olish zarurki, o‘rta asrlarda Sharqda kosmogrammalar tuzish nafaqat axborot, balki muqaddas, diniy ma’noga ham ega bo‘lgan. Odatda bu jarayon muayyan diniy marosim bilan bog‘liq bo‘lgan. Bunga misol tariqasida buddaviy an’anadagi doira va kvadrat shaklida tasvirlangan kosmogramma — “mandala”ni keltirish mumkin. Xuddi shunday vazifani islomiy san’atda murakkab geometrik naqsh — “girih” (arabeska) bajaradi, u oliy haqiqat sari bo‘lgan yo‘lning murakkabligi va ma’naviy zo‘riqishini timsol qiladi.
Shuni ta’kidlash joizki, olti va sakkiz qirrali yulduzlar “xotirjam”, “neytral”, “barqaror” belgilar sifatida qabul qilinadi. Ular doiraviy makonni oddiy ravishda 6 yoki 8 qismga ajratadi va doiraning muntazam uchburchak va kvadrat bilan bog‘liqligini aks ettiradi. Bunday yulduzlar inson psixologiyasiga “xotirjamlashtiruvchi” va “muvozanat hosil qiluvchi” ta’sir ko‘rsatadi. Shu sababli ular islomiy me’morchilikda keng qo‘llanilgan bo‘lib, masjidlar, madrasalar, yodgorlik binolari kabi diniy obidalarning tashrif buyuruvchilarida muayyan ruhiy holat uyg‘otishga xizmat qilgan.
Aksincha, inson nigohi doirani yetti qismga tabiiy ravishda bo‘la olmaydi, bu esa yetti qirrali yulduz obrazini go‘yoki “anglab bo‘lmas”, “muvozanatsiz” qiladi. Bu turdagi shakllar “barqaror emaslik” tuyg‘usini uyg‘otadi. Turli diniy tizimlarda yetti qirrali yulduz sehrli va mistik belgi deb qaraladi. Oq Ostona bobo maqbarasidagi yetti qirrali belgilar esa spiral shakllar bilan uyg‘unlashgan holda “mistik chuqurlik” taassurotini yanada kuchaytiradi. Bu belgilar kiritilgan joy — ya’ni kirish eshigiga nisbatan yuqori o‘ng burchak — mistik an’anada “quvvat burchagi” deb hisoblanadi. Mahalliy rivoyatlarga ko‘ra, bu maqbarada katta ma’naviy kuchga ega bo‘lgan avliyo dafn etilgan. Oq Ostona bobo belgilarining “mistik” qabul qilinishi, ehtimol, ushbu yodgorlik oldida amalga oshirilgan ba’zi ilk islomiy diniy meditatsiya marosimlari bilan bog‘liq bo‘lgan.
O’lmas MO’MINOV,
Tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD).
Muxriddin JO’RAYEV, Jamshid ABDULLAYEV,
Denov tadbirkorlik va pedagogika instituti “Tarix va falsafa” kafedrasi o’qituvchilari.