Sug‘urta shartnomasi bilan bog‘liq atamalar:
Sug‘urta — ma’lum voqealar (sug‘urta hodisasi) yuz berganda jismoniy va yuridik shaxslarining mulkiy manfaatlarining himoyasi bo‘yicha munosabatlarni anglatuvchi atama. Himoya manfaatlari himoya qilinayotganlar tomonidan to‘lanuvchi sug‘urta badallaridan (sug‘urta mukofotlari) shakllanuvchi pul jamg‘armalari hisobiga amalga oshiriladi.
Sug‘urtalangan (shaxs) — mulki, hayoti, sog‘lig‘i, mehnatga layoqati, mas’uliyati sug‘urta himoyasi ob’ekti bo‘lib hisoblanuvchi va sug‘urta polisida ko‘rsatiluvchi shaxs. Amalda sug‘urtalangan bir vaqtning o‘zida sug‘urtalanuvchi bo‘lishi mumkin, agar u o‘zi uchun shartnoma tuzib, pul (sug‘urta) badallarini o‘zi tuzsa, lekin bir shaxs har doim ham sug‘urtalangan va sug‘uratlanuvchi bo‘lavermaydi.
Sug‘urtalanuvchi — sug‘urtalovchi bilan sug‘urta shartnomasi tuzgan yuridik yoki layoqadli jismoniy shaxs. Sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta hodisasi yuz berganida sug‘urtalanuvchiga qoplab berish majburiyatini o‘ziga olganligi uchun sug‘urtalovchiga sug‘urta badalini to‘lash majburiyati sug‘urtalanuvchining zimmasida bo‘ladi. Sug‘urtalanuvchi O‘z foydasiga yoki boshqa shaxs foydasiga sug‘urta shartnomasini tuzishi mumkin.
Sug‘urta to‘lovi — hayot va sog‘liqni sug‘urtalash shartnomasida nazarda tutilgan sug‘urta hodisasi yuz berishi natijasida kelib chiqqan zararlarni qoplash uchun sug‘urtalovchi sug‘urtalanuvchiga to‘lanadigan summa, shuningdek sug‘urta shartnomasi shartlariga muvofiq amalga oshirilgan har qanday to‘lov (sug‘urta qoplamasiga qarang).
Mulk sug‘urtasi — harakatdagi va ko‘chmas mulkka egalik qilish, uni idora etish va undan foydalanish bilan bog‘liq mulkiy manfaatlar sug‘urta ob’ekti hisoblanadigan sug‘urta turlari majmuasi. Mulkning yo‘qotilishi bilan bog‘liq sug‘urta. Sug‘urta shartnomasida shartlashilgan sabablar (qaltisliklar) ta’sirida mulkning zararlanishi, nobud bo‘lishi, g‘oyib bo‘lishida etkazilgan zararni qoplashni nazarda tutadi.
Polis — sug‘urta shartnomasining tuzilganligini tasdiqlaydigan va o‘z ichiga uning shartlarini oladigan sug‘urtalanuvchiga (sug‘urtalangan) beriladigan hujjat. Polis sug‘urta shartnomasini mavjudligini yuridik jihatdan tasdig‘i bo‘lib, zarur holatlarda zararlarni undirib olish uchun sug‘urtalovchiga qarshi davo bilan sudga murojaat etishga asos bo‘ladi.
Avtotransport vositalarini sug‘urtalash — xalqaro amaliyotda engil va yuk tashuvchi avtomobillar, avtobuslar, mototsikllarni, katerlar, motor qayiqlar va boshqa transport vositalari ushbu sug‘urta turiga kiritiladi
Ishlab chiqaruvchining mas’uliyatini sug‘urtalash — mas’uliyatni sug‘urtalash turi; sug‘urtalanuvchi ishlab chiqargan yoki sotgan mahsulotda nuqson bo‘lishi natijasida mijozlarga mulkiy zarar etkazilishi oqibatida vafot etgan, mayib bo‘lgan yoki jabrlanganlarga yuridik ravishda sug‘urtalanuvchi to‘lab berishi shart bo‘lgan har qanday to‘lovni qoplab beradi.
Ish beruvchining mas’uliyatini sug‘urtalash — mas’uliyatni sug‘urtalash turi; azaldan boshqa turdagi mas’uliyatni sug‘urtalash turlaridan ajratiladi. Ish beruvchining mas’uliyatini sug‘urtalash Polisi mehnat shartnomasidan kelib chiquvchi jabrlanuvchi o‘z majburiyatlarini bajarishi jarayonida yuz beradigan va ishlab chiqarish faoliyati bilan shug‘ullanishi bilan bilvosita bog‘liq kasallik va tan jarohatlari uchun qonunchilikdan kelib chiquvchi mas’uliyatini qoplab beradi.
Kombinatsiyalashgan sug‘urta — bir nechta sug‘urta turlari bo‘yicha kompleks sug‘urta qoplamasini taqdim etadigan bir sug‘urta shartnomasi.
Sug‘urtalash mukofoti — sug‘urtalanuvchi tomonidan sug‘urtalovchiga beriladigan va sug‘urtalash uchun to‘lovni o‘zida mujassam etgan mukofot.
Sug‘urtalash qoplamasi — sug‘urta qoplamasini to‘lab berish, sug‘urtalanuvchi tomonidan amalga oshirilgan boshqa xarajatlarni qoplash uchun sug‘urtalanuvchi sug‘urtalovchidan oladigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar bo‘yicha qaltisliklarda sug‘urtalovchining ishtiroki bilan bog‘liq summa.
Sug‘urta — fuqaro yoki yuridik shaxsning (sug‘urta qildiruvchi) sug‘urta tashkiloti (sug‘urtalovchi) bilan tuzadigan mulkiy yoki shaxsiy sug‘urta shartnomalari asosida amalga oshiriladi.
Sug‘urta ob’ekti:
shaxsiy sug‘urtada — fuqarolarning hayoti, sog‘lig‘i, mehnatga layoqati bilan bog‘liq; mulkiy sug‘urtada — mulkka egalik qilish, undan foydalanish, uni idora etish bilan bog‘liq;
mas’uliyatni sug‘urtalashda — jismoniy yoki yuridik shaxslarning mulki yoki shaxsiyatiga sug‘urtalanuvchiga etkazilgan qoplama bilan bog‘liq O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga zid bo‘lmagan mulkiy manfaatlardir.
Sug‘urta shartnomasi — bu sug‘urtalanuvchi va sug‘urtalovchi o‘rtasida agent yoki broker vositachiligi yoki ularning vosiatchiligisiz tuzilgan va u bo‘yicha sug‘urtalovchi zararni qoplab berish yoki sug‘urta summasini unga (yoki naf oluvchiga) to‘lab berish, sug‘urtalanuvchi esa sug‘urta mukofotini to‘la hajmda va vaqtida to‘lab berish majburiyatini oluvchi shartnoma.
Sug‘urta shartnomasi tuzilganligini tasdiqlash uchun sug‘urtalovchi sug‘urtalanuvchiga sug‘urta polisi beradi.
Sug‘urtalanmaydigan qaltislik ehtimoli tutilgan voqea sug‘urta polisini sotib olish bilan o‘rnini to‘ldirib bo‘lmaydigan zararlarni etkazishi mumkin (harbiy harakatlar, fuqarolik tartibsizliklari, favqulodda hodisalar).
Sug‘urta deklaratsiyasi sug‘urta ob’ekti va qaltislikning ttasnifi to‘g‘risidagi sug‘urtalanuvchining arizasi. Manzil, bahosi, holati, saqlash yoki foydalanish tartibi, texnikaviy tayyorgarligi, yong‘in yoki boshqa avariya signalizatsiyasi, shuningdek sifat tasnifi (rusumi, modeli, turi, tuzilmasi, tarkibi va b.) haqidagi axborotni o‘z ichiga oladi.
Sug‘urta shartnomasidan kelib chiqadigan nizolar O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi, «Xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatining shartnomaviy-huquqiy bazasi to‘g‘risida», «Transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida», «Ish beruvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida», «Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalar va kasb kasalliklaridan majburiy davlat ijtimoiy sug‘urtasi to‘g‘risida» va «Tashuvchining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasining qonunlari, O‘zbekiston Respublikasining Iqtisodiy protsessual kodeksi, O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual kodeksi, shuningdek sug‘urta sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga asosan ko‘rib chiqiladi.
Mulkiy sug‘urta shartnomasiga muvofiq sug‘urtalovchi sug‘urta hodisasi sodir bo‘lganda sug‘urta qildiruvchiga (naf oluvchiga) bu hodisa oqibatida sug‘urtalangan mulkka yetkazilgan zararni yoxud sug‘urta qildiruvchining boshqa mulkiy manfaatlari bilan bog‘liq zararni shartnomada belgilangan summa doirasida to‘lash majburiyatini oladi.
Shaxsiy sug‘urta esa sug‘urtalovchining sug‘urta qildiruvchining (sug‘urtalangan shaxsning) hayoti yoki sog‘lig‘iga zarar yetkazilgan taqdirda, u muayyan yoshga to‘lgan yoki uning hayotida shartnomada nazarda tutilgan boshqa sug‘urta hodisasi yuz bergan hollarda shartnomada shartlashilgan sug‘urta pulini bir yo‘la to‘lash yoki vaqti-vaqti bilan to‘lab turish majburiyatini nazarda tutadi.
Sug‘urta shartnomasi yozma shaklda tuzilishi shart.
Sug‘urta shartnomasi bitta hujjatni tuzish yoxud sug‘urta qildiruvchiga uning yozma yoki og‘zaki arizasiga binoan sug‘urtalovchi tomonidan imzolagan va sug‘urta shartnomasi shartlarini o‘z ichiga olgan sug‘urta polisi (shahodatnomasi, sertifikati, kvitansiyasi)ni topshirish yo‘li bilan tuzilishi mumkin.
Sug‘urta shartnomasining shakliga nisbatan belgilangan talabga rioya qilmaslik uning haqiqiy emasligiga olib keladi.
Sug‘urta shartnomasi sug‘urtalovchi tomonidan imzolangan, sug‘urta shartnomasining shartlarini o‘z ichiga olgan sug‘urta polisi (shahodatnomasi, sertifikati, kvitansiyasi)ni topshirish yo‘li bilan tuzilganida, sug‘urta qildiruvchining sug‘urtalovchi taklif etgan shartlarda shartnoma tuzishga rozi ekanligi sug‘urtalovchidan ko‘rsatilgan hujjatlarni qabul qilib olish va sug‘urta mukofoti to‘lash yoxud sug‘urta mukofoti bo‘lib-bo‘lib to‘langanda birinchi badalni to‘lash orqali tasdiqlanadi.
Sug‘urta puli miqdori — sug‘urta shartnomasining muhim shartlaridan biri hisoblanadi.
Sug‘urta puli taraflarning sug‘urta shartnomasidagi kelishuviga asosan aniqlanadi. Mol-mulkni yoki tadbirkorlik xavfini sug‘urtalashda ushbu miqdor, agar sug‘urta shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, uning asl narxidan (sug‘urta narxidan) oshib ketmasligi lozim.
Agar mol-mulkni yoki tadbirkorlik xavfini sug‘urta qilish shartnomasida ko‘rsatilgan sug‘urta puli sug‘urta qiymatidan ortiq bo‘lsa, shartnoma sug‘urta qiymatidan ortiq bo‘lgan sug‘urta puli qismida o‘z-o‘zidan haqiqiy emas hisoblanadi. Bunday holatda sug‘urta mukofotining ortiqcha to‘langan qismi qaytarib berilmaydi.
Sug‘urta shartnomasi tuzilayotganda sug‘urta qildiruvchi bunday shartnomani tuzish vaqtida o‘ziga ma’lum bo‘lgan sug‘urta hodisasi yuz berishi ehtimolini va uning yuz berishi tufayli kutilajak zarar miqdori (sug‘urta xavfi)ni aniqlash uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan holatlarni sug‘urtalovchiga xabar qilishi shart.
Sug‘urta hodisasi yuz berishi ehtimolini va uning yuz berishi tufayli yetkazilishi mumkin bo‘lgan zarar miqdori (sug‘urta xavfi)ni aniqlash uchun muhim ahamiyatga ega bo‘lgan holatlar deganda, sug‘urta shartnomasi (polisi)ning standart shaklida, sug‘urta qildiruvchiga berilgan sug‘urta qoidalarida yoki yozma so‘rovda sug‘urtalovchi tomonidan oldindan aniq aytib qo‘yilgan xavfni o‘ziga qabul qilgan sug‘urtalovchi tomonidan baholash uchun ahamiyatli holatlar deb tushunish lozim.
Mol-mulkni sug‘urtalash shartnomasi tuzilayotganida sug‘urtalovchi sug‘urta qilinayotgan mol-mulkni ko‘zdan kechirishga, zarurat bo‘lganda esa uning haqiqiy qiymatini belgilash maqsadida baholashdan o‘tkazishni tashkil etishga, shaxsiy sug‘urta shartnomasi tuzilayotganida esa sug‘urta qilinayotgan shaxs sog‘lig‘ining haqiqiy holatini aniqlash uchun uni tekshirtirishga haqli.
Mol-mulkning shartnomada ko‘rsatilgan sug‘urta qiymati miqdori haqida taraflar o‘rtasida kelishuvga erishilgan bo‘lsa, uning ustida keyinchalik nizolashish mumkin emas.
Shu bilan birga, agar shartnoma tuzilgunga qadar sug‘urta xavfini baholash bo‘yicha o‘z huquqidan foydalanmagan sug‘urtalovchi sug‘urta qildiruvchi tomonidan bu qiymat borasida bila turib chalg‘itilgan bo‘lsa, mol-mulkning sug‘urta qiymati miqdori ustida nizolashish mumkin.
Agar sug‘urta qildiruvchida (naf oluvchida) sug‘urta hodisasi yuz berishi natijasida kelib chiqqan zarar miqdori sug‘urta shartnomasida belgilangan zarar miqdoridan oshmasa yoki kam bo‘lsa, ixtiyoriy mulkiy sug‘urta shartnomasining shartlarida sug‘urta tovonini to‘lashni istisno qiluvchi qoida belgilab qo‘yilishi mumkin (franshiza). Franshiza muayyan foiz yoki aniq miqdorida belgilanishi mumkin.
Sug‘urta shartnomasining amal qilishi boshlanishi. Agar sug‘urta shartnomasida boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, sug‘urta mukofoti yoki birinchi badal to‘langan paytdan kuchga kiradi va uning shartlari, agar shartnomada sug‘urta amal qilishi boshlanishining boshqacha muddati nazarda tutilmagan bo‘lsa, sug‘urta shartnomasi kuchga kirganidan keyin yuz bergan sug‘urta hodisalariga nisbatan tatbiq etiladi.
Agar sug‘urta shartnomasida sug‘urta mukofotini bo‘lib-bo‘lib to‘lash nazarda tutilgan bo‘lsa, shartnomada navbatdagi sug‘urta badallarini belgilangan muddatlarda to‘lamaslik oqibatlari ko‘rsatib qo‘yilishi mumkin.
Bunday oqibatlar sifatida sug‘urta shartnomasi, xususan, navbatdagi sug‘urta badallari to‘lanmaganda sug‘urtalovchining sug‘urta shartnomasini bekor qilishni talab qilish yoki majburiyatni bajarishdan bir tomonlama bosh tortish huquqini o‘z ichiga olishi mumkin. Bunday holatda, agar qonun yoki shartnomada boshqacha tartib nazarda tutilmagan bo‘lsa, to‘langan sug‘urta badali qaytarilmaydi.
Mol-mulk uning asralishidan qonun hujjatlariga yoki shartnomaga asoslangan manfaatga ega bo‘lgan shaxs (sug‘urta qildiruvchi yoki naf oluvchi) foydasiga sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urtalanishi mumkin.
Garovga qo‘yilgan mol-mulkni sug‘urta qilish shartnomasini tuzishda, garov bilan ta’minlangan majburiyat bajarilmagan taqdirda garovga qo‘yilgan mulkning qiymatidan o‘z manfaatlari qanoatlantirilishi munosabati bilan garovga oluvchi o‘zi uchun mol-mulkni saqlanishidan va uni saqlanishini ta’minlanishida manfaatdor bo‘lishi lozim. Bunday holatda garovga oluvchi sug‘urta shartnomasi bo‘yicha naf oluvchi hisoblanadi.
Mulkiy sug‘urta shartnomasi bo‘yicha sug‘urta hodisasi deganda, shartnomada nazarda tutilgan va uning sodir bo‘lishi natijasida sug‘urtalovchining sug‘urta tovonini to‘lab berish majburiyati vujudga keladigan voqea tushuniladi.
Agar sug‘urta shartnomasi majburiyat bajarilishining ta’minoti sifatida tuzilgan bo‘lsa, asosiy majburiyat bajarilmagan taqdirda kreditor sug‘urtalovchidan sug‘urta tovonini yoki sug‘urta pulini to‘lashni talab qilish huquqiga ega.
Jumayev Diyor Bozorovich
Termiz tumanlararo iqtisodiy sudi raisi